PlayStation 6 disklardan butunlay voz kechmaydi – Sony internetga ulanish imkoniyati cheklangan foydalanuvchilarni ham hisobga oladi

eʼlon qilindi
Sony kelajakdagi konsolida optik disk drayverini saqlab qolishi mumkin
Foto: 6okean.gmail.com / www.depositphotos.com

Sony Interactive Entertainment Worldwide Studios kompaniyasining sobiq rahbari Shoun Layden PlayStation 6 o‘yin konsoli haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Unga ko‘ra, Sony kelajakdagi konsolida optik disk drayverini saqlab qolishi mumkin. Bu haqda Techradar.com nashri ma’lum qildi.

Laydenning ta’kidlashicha, Sony dunyo bo‘ylab foydalanuvchilarning ehtiyojlarini inobatga olish majburiyatiga ega, chunki ko‘plab davlatlarda yuqori tezlikdagi internetdan foydalana olish imkoniyati cheklangan. Kompaniyaning asosiy savollardan biri shuki:

«Agar biz disklardan voz kechsak, bozorimizning qanchalik katta qismini yo‘qotamiz? Masalan, Italiya yoki boshqa mamlakatlarning qishloq joylarida yashovchi foydalanuvchilar raqamli o‘yinlarni yuklab olish uchun yetarlicha sifatli internetga ega bo‘ladimi?»

Layden, shuningdek, sayohatlarda konsol o‘ynaydigan sportchilar yoki internet ulanishi cheklangan harbiy bazalarda xizmat qilayotganlar uchun disk drayveri muhim ekanini ta’kidladi.

Microsoft allaqachon Xbox Series S’ning faqat raqamli versiyasini taqdim etgan bo‘lsa-da, Sony butun dunyo bo‘ylab, ayniqsa, internet imkoniyati cheklangan hududlarda kengroq auditoriyaga ega bo‘lishi sababli disk drayveridan to‘liq voz kechishi ehtimoldan yiroq.

Hozircha PlayStation 6 haqida rasmiy e’lon berilmagan, ammo Laydenning fikrlari Sony kelajakdagi o‘yin konsolini ishlab chiqishda qanday strategik qarorlar qabul qilishi mumkinligi haqida tasavvur beradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sony PlayStation foydalanuvchilari 2024-yilning eng yaxshi o‘yinlarini tanlashgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek