Gadjetlar

Samsung Galaxy S25 Ultra tezlik bo‘yicha iPhone 16 Pro Max’ni ortda qoldirdi – video

Samsung flagmani 7 foizga tezroq ishladi
Foto: Skrinshot

Samsung kompaniyasi o‘zining yangi flagmani Galaxy S25 Ultra bilan tezlik borasida iPhone’dan ustun kelishga muvaffaq bo‘ldi. PhoneBuff kanali ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan sinovlar natijasida Galaxy S25 Ultra tezkor ishlash bo‘yicha iPhone 16 Pro Max’ni ortda qoldirgani aniqlandi.

Uzoq yillar davomida Apple va Samsung flagmanlari tezlik bo‘yicha deyarli teng kurash olib bordi. Biroq Snapdragon 8 Elite protsessori bilan jihozlangan Galaxy S25 Ultra ushbu an’anani buzdi va raqobatchisidan oldinga o‘tishga erishdi.

Galaxy S25 Ultra testni 3 daqiqa 7 soniyada yakunladi, iPhone 16 Pro Max esa 3 daqiqa 21 soniyada bajardi. Natijaga ko‘ra, Samsung flagmani 7 foizga tezroq ishladi.

Galaxy S25 Ultra vs. iPhone 16 Pro Max Speed Test

Samsung ko‘p vazifalarni bajarishda atigi bir necha foiz tezroq harakatlandi. Biroq foto va video materiallarni qayta ishlashda farq ancha sezilarli bo‘ldi – bu jarayonda Galaxy S25 Ultra ancha oldinda ekanligi ko‘rindi.

Qiziqarli tomoni shundaki, ilgari iPhone ustunlik qilgan o‘yin testlarida ham Samsung g‘alaba qozondi, ammo farq juda kichik bo‘ldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S25 Ultra mustahkamligi sinovdan o‘tkazilgani haqida xabar bergan edi.