Yangiliklar

Xufiyona faoliyat yuritib, «konvertda» oylik to‘layotgan tadbirkorlar ustidan nazorat kuchaytiriladi

Ko‘plab korxonalar “soya”dan chiqib, ish haqi rasmiy ko‘rsatila boshladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

«Konvertda» maosh beruvchi, xufiyona faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ustidan nazorat kuchaytiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

Bugun davlat rahbari raisligida xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalariga ishchilar bilan qisqa muddatli, soddalashgan (kunbay, ishbay) mehnat shartnomasini tuzishga ruxsat beriladi.

Ikki yil oldin savdo va xizmatlar sohasidagi korxonalarga ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilandi. O‘tgan davr mobaynida korxonalar soni 1,5 karra oshib, ularda ishchilar soni 220 mingga ko‘paydi.

Muhimi, ko‘plab korxonalar «soya»dan chiqib, ish haqi rasmiy ko‘rsatila boshladi, natijada ish haqi 3,2 karra oshdi va Davlat budjetiga qo‘shimcha 2,1 trillion so‘m soliq tushdi.

Shu sababli tadbirkorlarning imtiyoz muddatini yana uch yilga uzaytirish haqidagi taklifi ma’qullandi. Endilikda ushbu imtiyoz servis korxonalarining kamida 3 million so‘m oylik oladigan 30 yoshgacha bo‘lgan ishchilariga tatbiq etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Yashil tadbirkor» maqomi joriy etilishi haqida xabar bergan edi.