Yuk mashinalar importida imtiyozlar yana uch yilga uzaytiriladi
«Yevro-5» va undan yuqori ekologik talabga mos yuk avtomobillari yana uch yilga (2028-yilgacha) bojxona boji va utilizatsiya yigʻimidan ozod qilinishi belgilandi. Bu haqda xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish boʻyicha Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yigʻilishida maʼlum qilindi.
2024-yilda transport xizmatlari hajmi 8,6 foizga oshib, 145 trillion soʻmga yetdi, lekin bu iqtisodiy oʻsish uchun yetarli emasligi qayd etildi. Mahalliy ekspeditorlar QQS toʻlovidan ozod qilinib, ularning xalqaro yuk tashishdagi ulushi 2024-yilda 25 foizga, 2026-yilgacha esa 50 foizga yetkazilishi belgilandi.
Shuningdek, xususiy aviakompaniyalar bilan hamkorlikda Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Termizga parvozlar soni ikki baravar oshirish, havo qatnovlari hajmi 20 foizga oshirilib, 15 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish topshirildi.
Prezident Toshkent, Yangiyoʻl, Chinoz va Sirdaryo tumanlari oʻrtasida zamonaviy elektropoyezd qatnovini tezlashtirish zarurligini taʼkidladi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda qancha yuk mashinasi ishlab chiqarilgani haqida xabar bergan edi.