Sud Trampning USAID xodimlarini ma’muriy ta’tilga chiqarish rejasini toʻxtatdi
Federal sudya Karl Nikols AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) xodimlarini vakillik qiluvchi kasaba uyushmalarining da’vosiga javoban vaqtinchalik cheklov qarorini chiqardi. Ushbu qaror natijasida Donald Tramp ma’muriyatining 2 mingdan ortiq USAID xodimini ma’muriy ta’tilga chiqarish rejasi toʻxtatildi.
Sudya Nikols kasaba uyushmalarining da’vosini asosli deb topib, USAID xodimlari bu qarordan jiddiy zarar koʻrishi mumkinligini ta’kidladi. Shu sababli sud ushbu rejani vaqtinchalik toʻxtatishga qaror qildi. Shu bilan birga, sudya USAID binolariga kirish cheklovlarini bekor qilish hamda agentlik grantlari va shartnomalari uchun mablagʻ ajratish talablarini rad etdi.
Hozirgacha 500 ga yaqin USAID xodimlari allaqachon ma’muriy ta’tilga chiqarilgan, biroq ularning ish joyiga qaytishi yoki yoʻqligi boʻyicha keyingi qarorlar keyinroq e’lon qilinishi kutilmoqda.
Donald Tramp 7-fevral kuni USAID faoliyatini yopishga chaqirgan edi. Ma’lumotlarga koʻra, agentlikning 10 mingdan ortiq xodimlaridan atigi 611 nafari oʻz lavozimida qolishi rejalashtirilgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp Netanyaxuga qarshi order sabab Xalqaro jinoiy sudga sanksiyalar joriy qilgani haqida xabar bergan edi.