Yanvar oyida Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi oshdi
![](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/02/image-277-1024x683.png)
1-fevral holatiga koʻra, O‘zbekiston zaxira aktivlarining umumiy qiymati $42,9 milliardni tashkil etib, oʻtgan oyga nisbatan $1,72 milliardga (4,17 foiz) koʻpaydi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida ma’lum qilindi.
Regulyatorning ma’lum qilishicha, oltin qiymati $3,02 milliardga oshib, $35,06 milliardga yetdi. Bu oʻsish jahon bozorida qimmatbaho metall narxining koʻtarilishi bilan bogʻliq boʻlib, bir troya unsiyasining narxi $2,9 mingga yaqinlashdi.
Shu bilan birga, oltin zaxirasining jismoniy hajmi ham oshib, 382,57 tonnadan (12,3 million troya unsiya) 391,9 tonnaga (12,6 million troya unsiya) yetdi.
Biroq mamlakatning valyuta zaxiralari $1,29 milliardga kamayib, $7,3 milliarddan pastga tushdi. Shundan $442,3 million boshqa mamlakatlar markaziy banklari va Xalqaro valyuta jamgʻarmasidagi hisobvaraqlarga, $6,75 milliard esa xorijiy tijorat banklariga joylashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan oltin narxi ketma-ket yettinchi kun oshgani haqida xabar bergan edi.