
2025-yilda ekologik turmush tarzini shakllantirish va aholining salomatligini yaxshilash maqsadida «Bir million yashil oila» harakati amalga oshiriladi. Ushbu tashabbus aholini atrof-muhit muhofazasiga jalb qilish hamda «yashil» hayot tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan.
Shuningdek, kelgusi o‘quv yilidan boshlab Markaziy Osiyoda atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganishga ixtisoslashgan yetakchi oliy ta’lim muassasasi sifatida maxsus universitet faoliyat boshlaydi. Respublikaning har bir tumanida kamida bitta inklyuziv ta’lim maktabi tashkil etilib, maxsus ehtiyojga ega bolalar uchun qulay sharoit yaratiladi. «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi doirasida esa 3,5 ming kam ta’minlangan oila farzandlari grant asosida oliy ta’limga qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2025-yil 1-martgacha sog‘lom ovqatlanish, sport va jismoniy faollikni targ‘ib etuvchi maxsus dastur ishlab chiqiladi. 2025-yil 1-avgustga qadar esa oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va nazorat qilishga mo‘ljallangan Milliy axborot platformasi ishga tushiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «yashil» uylar quradigan developerlarga soliq imtiyozi berilishi haqida xabar bergan edi.