
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashganini ma’lum qildi, deb yozadi New York Post gazetasi Oq uy rahbarining so‘zlariga tayanib.
«Prezident Tramp Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashib, Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar olib borishga harakat qildi», – deyiladi nashr xabarida.
Biroq Tramp Rossiya prezidenti bilan necha marta bog‘langaniga aniqlik kiritishdan bosh tortdi. «Men jim bo‘lishni afzal ko‘raman», – deya uning so‘zlarini keltirdi gazeta.
Oq uy rahbari Ukrainadagi mojaroga barham berish bo‘yicha aniq rejasi borligini yana bir bor ta’kidladi, biroq bu borada hech qanday tafsilot bermadi.
Shu bilan birga, Tramp avvalroq Putin bilan shaxsan uchrashish istagi borligini bir necha bor bildirgan va yanvar oyida uning jamoasi ushbu muzokaralarni tashkil etish ustida ishlayotganini ma’lum qilgandi.
Rossiya yetakchisining yordamchisi Yuriy Ushakov bu borada Moskva va Vashington o‘rtasida hech qanday rasmiy aloqalar bo‘lmaganini aytgan, ammo Rossiya tegishli takliflarni tinglashga tayyorligini bildirgan. Vladimir Putin esa dekabr oyida o‘tkazilgan muloqot chog‘ida AQSh prezidenti bilan uchrashishga tayyor ekanini ta’kidlagan va agar uchrashuv tashkil etilsa, unda muhokama qilinadigan masalalar yetarlicha bo‘lishini aytgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Isroilga $7 milliardlik qurol-yarog‘ yetkazib berishi haqida xabar bergan edi.