Yangiliklar

2025-yil uchun dunyoning eng yaxshi aviakompaniyalari e’lon qilindi

Korean Air 2025-yilning eng yaxshi aviakompaniyasi deb tanlandi
Foto: AirlineRatings.com

Xalqaro AirlineRatings.com platformasi 2025-yil uchun dunyoning eng yaxshi aviakompaniyalar reytingini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, Korean Air 2025-yilning eng yaxshi aviakompaniyasi deb tanlandi. Kompaniya yo‘lovchilarga keng samolyotlarda 33–34 dyuym o‘rindiq masofasini taqdim etib, qulay sayohatni ta’minlashga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, uzoq masofali parvozlarda oyoq kiyimlari va katta porsiyali taomlar kabi qo‘shimcha xizmatlar ham yo‘lovchilarning mamnuniyatini oshirdi.

Foto: VCG/AP

Bundan tashqari, mukofotlar formatida o‘zgarishlar kiritilib, yangi kategoriya – eng yaxshi gibrid aviakompaniyalar joriy etildi. Ushbu kategoriya gibrid operatsiyalarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan va innovatsion xizmatlarni taqdim etgan aviakompaniyalarga bag‘ishlangan. Jetblue, Westjet va Virgin Australia kabi kompaniyalar bu kategoriya doirasida eng yaxshi deb topildi.

2025-yilning eng yaxshi to‘liq xizmat ko‘rsatuvchi aviakompaniyalar ro‘yxatida Qatar Airways, Air New Zealand, va Singapore Airlines kabi dunyoning yetakchi aviakompaniyalari o‘rin oldi. Top 20 Gibrid Aviakompaniyalar ro‘yxatida esa Lufthansa, Air Canada, va TAP Portugal kabi kompaniyalar ham bor.

Foto: Airaisa.com

Shu bilan birga, arzon narxli aviakompaniyalar orasida AirAsia, Jetstar, va Ryanair eng yaxshi deb topildi. Ushbu aviakompaniyalar mijozlarga sifatli xizmatlarni arzon narxlarda taqdim etishga muvaffaq bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, mazkur yilda aviakompaniyalarni baholashda yanada kengroq mezonlar qo‘llanilib, nafaqat xavfsizlik, balki yo‘lovchilar qulayligi, xizmatlar sifati va aviakompaniyalar tarmog‘ining barqarorligi ham inobatga olindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024-yil davomida aviakompaniyalar tomonidan iste’molchilarga yetkazilgan zarar qoplangani haqida yozgan edik.