Yangiliklar

Markaziy bank yanvar oyida 10 ta bankka jarima qoʻlladi

44 ta masalani ko‘rib chiqildi
Foto: Vadim Yerzikov / Kursiv Uzbekistan

Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi 2025-yil yanvar oyida oʻtkazilgan yigʻilishlar davomida 44 ta masalani koʻrib chiqib, tegishli qarorlarni qabul qildi. Bu haqda regulyator axborot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida 36 ta masala koʻrib chiqildi. Ular orasida kredit tashkilotlari ustaviga oʻzgartirish kiritish, yangi mikromoliya tashkilotlarini roʻyxatga olish, ustav fondidagi ulushga egalik qilishga ruxsat berish, auditorlik sertifikatlarini taqdim etish hamda banklarning kuzatuv kengashi va boshqaruv tarkibini tasdiqlash masalalari bor.

Kredit tashkilotlarining moliyaviy holati boʻyicha sakkizta masala muhokama qilindi. Unda Markaziy bank koʻrsatmalari va prudensial me’yorlarga rioya qilinishi, tahlillar natijalari hamda mijozlarning bank faoliyatiga oid shikoyatlari koʻrib chiqildi.

Shuningdek, tekshiruvlar davomida aniqlangan qoidabuzarliklar sababli 10 ta bank jarimaga tortildi. Bundan tashqari, qonunchilik talablari buzilgani uchun bitta toʻlov tizimi operatoriga chora va sanksiyalar qoʻllanishi haqida rasmiy ogohlantirish berildi.

Shu bilan birga, Start Kapital Invest kredit uyushmasining tugatish ishlari yakunlangani munosabati bilan ushbu kredit uyushmasi kredit uyushmalarining davlat reyestridan chiqarildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank dekabr oyida sakkizta bank, yettita toʻlov tashkiloti va 12 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasini qoʻllagani haqida xabar bergan edi.