Yangiliklar

Meta butun dunyo boʻylab minglab xodimlarini ishdan boʻshatishni rejalashtirmoqda

Taxminan 4000 kishi ish o‘rnidan mahrum bo‘ladi
Foto: Mexem.com

Facebook va Instagramʼga egalik qiluvchi Meta Platforms kompaniyasi butun dunyo boʻylab xodimlarni ommaviy ishdan boʻshatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.

Metaʼning kadrlar boʻlimi rahbari Janel Geylning aytishicha, ishdan boʻshatishlar boʻyicha bildirishnomalar koʻplab mamlakatlarga, jumladan, AQShga ham yuborila boshlanadi. Umumiy hisobda kompaniya xodimlarining qariyb 5 foizi – taxminan 4000 kishi ish oʻrnidan mahrum boʻladi.

«Ishdan boʻshatish toʻgʻrisidagi bildirishnomalar dushanba kunidan boshlab avval Osiyo va Tinch okeani mintaqasida, soʻng Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikada, oxirida esa Shimoliy va Lotin Amerikasida yuboriladi. Biroq Germaniya, Fransiya, Italiya va Niderlandiya kabi ayrim Yevropa mamlakatlarida mahalliy qonunchilik talablari sababli bu jarayon boshqacha kechadi», – deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, Meta tezlashtirilgan tartibda mashinali oʻrganish boʻyicha muhandislarni, shuningdek, boshqa «biznes uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega» muhandislik lavozimlariga mutaxassislarni ishga olishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevrokomissiya Metaʼga salkam 800 million yevro jarima solgani haqida xabar bergan edi.