Oʻzbekiston fond bozori: yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati fevral oyini pasayish bilan boshladi
![](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/02/image-306-1024x683.png)
«Toshkent» respublika fond birjasida (RFB) yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 31-yanvardan 7-fevralgacha boʻlgan davrda pasayishni qayd etdi. Mazkur davrda UCI fond indeksi 1,59 foizga kamaydi.
Faqatgina toʻrtda kompaniya – «Oʻzsanoatqurilishbank» (+1,46), «OKMK» (+7,35 foiz), «Chilonzor buyum savdo kompleksi» (+2,82 foiz) va «Oʻzbekneftgaz» (0,73 foiz) aksiyalari oʻsishga erishdi.
![](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/02/image-307-685x1024.png)
«Oʻzbekinvest» aksiyalari oʻzgarishsiz qolgan boʻlsa, qolgan barcha kompaniya aksiyalari haftani pasayish bilan yakunladi. Qimmatli qogʻozlari eng koʻp pasaygan emitent qatorini «Ipoteka-bank» (-10,43 foiz), «Hamkorbank» (-12,01 foiz), «Ipak yoʻli bank» (-12 foiz) tashkil qildi.
Bitimlar soni bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni «Ipoteka-bank»ning oddiy aksiyalari (7,2 ming) va «Hamkorbank» (500) hamda «Aloqabank»ning imtiyozli aksiyalari (481) egalladi.
Mazkur davrda 22 ta yuqori likvidli aksiya orasidan to‘rttasi haftani o‘sish bilan, bittasi o‘zgarishsiz, qolganlari esa pasayish bilan yakunladi. Shu davr mobaynida «Toshkent» respublika fond birjasida 20,4 milliard so‘mlik deyarli 13 mingta bitim amalga oshirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Toshkent» respublika fond birjasidagi yuqori likvidli aksiyalar yanvar oyini qanday yakunlagani haqida xabar bergan edi.