![](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/02/image-333-1024x682.png)
Shavkat Mirziyoyev atom energetikasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yig‘ilishda mamlakatda energiya ehtiyojlarini ta’minlash uchun atom energetikasidan foydalanish rejalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda O‘zbekiston energiya sohasida muqobil manbalarni kengaytirishga katta e’tibor bermoqda. Shu kunga qadar 4 gigavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga tushirilgan bo‘lsa, 2030-yilga borib, «yashil energiya» ulushi 50 foizga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun 25 gigavattlik yangi qayta tiklanuvchi energiya manbalari yaratish rejalashtirilgan.
Mamlakatda uran zaxiralaridan samarali foydalanib, kichik quvvatli atom reaktorlarini qurish rejalari ishlab chiqilgan.
Prezident bu sohada xavfsizlikni ta’minlash, mutaxassislarni tayyorlash va xalqaro standartlarga mos ravishda ish olib borishni topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident kimyo sanoatiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha topshiriq bergan edi.