![](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/02/image-340-1024x576.png)
Chevrolet o‘zining yangi avlod tijorat elektromobillari qatoriga kiruvchi 2025 BrightDrop furgonlarini rasman namoyish qildi. Meksikada taqdim etilgan ushbu model 400 va 600 versiyalarida sotuvga chiqadi hamda elektr harakatchanligi, keng yurish masofasi va ilg‘or texnologiyalari bilan ajralib turadi. Bu haqda 32cars nashri ma’lum qildi.
Yangi mikroavtobus General Motors’ning elektr platformasida qurilgan bo‘lib, yuqori samaradorlik va energiya tejashni ta’minlaydi. Salonda 11,3 dyuymli multimedia ekrani joylashgan bo‘lib, xavfsizlik tizimlari soni 20 dan ortiq.
BrightDrop 400 versiyasida 240 ot kuchiga ega motor va 300 Nm aylanish momenti mavjud bo‘lib, taxminan 267 km yurish masofasini ta’minlaydi. Uning yuk ko‘tarish quvvati 1683 kg.ga teng bo‘lib, oldingi g‘ildirakli haydovchi tizimi manevrchanlik va tejamkorlikni oshiradi. Bu versiyaning narxi 1,9 mln peso (taxminan $94,1 ming) etib belgilangan.
BrightDrop 600 modeli esa kattaroq akkumulyator, kengaytirilgan yurish masofasi va to‘liq g‘ildirakli haydovchi bilan jihozlangan bo‘lib, tijorat maqsadlarida yanada moslashuvchan foydalanish imkoniyatini yaratadi. Ushbu versiya yaqin haftalarda sotuvga chiqishi kutilmoqda.
Yangi elektromobillar hozirda Mexiko, Monterrey va Gvadalaxara shaharlaridagi uchta dilerlik markazlarida xaridorlarga taqdim etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi Chevrolet Optra’ning narxi qancha ekani haqida xabar bergan edi.