Yangiliklar

ITSV vakili elektromobillar uchun utilizatsiya yigʻimi oshirilishiga izoh berdi

1-maydan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi oshiriladi
Foto: Unsplash

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Tashqi savdo departamenti boshligʻi Inomjon Abdurahmonov Facebookʼdagi sahifasida Oʻzbekistonda 1-maydan elektromobillar uchun utilizatsiya yigʻimi oshirilishiga izoh berdi.

Uning soʻzlariga koʻra, utilizatsiya yigʻimi ekologik xavfsizlik, fuqarolar sogʻligʻini himoya qilish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora hisoblanadi.

Ta’kidlanishicha, 2021-yilda 809 ta elektromobil import qilingan boʻlsa, 2024-yilda bu koʻrsatkich 24 mingtaga yetdi. 2035-yilgacha mamlakatda 10 ming tonnadan ortiq akkumulyator chiqindilari paydo boʻlishi kutilmoqda. Ularni utilizatsiya qilish va qayta ishlash uchun esa yirik investitsiyalar hamda kamida 10 – 15-yil vaqt talab etiladi.

«Koʻplab davlatlarda (Belgiya, Norvegiya, Germaniya, Qozogʻiston, Rossiya, Belarus va boshqalar) avtotransport vositalari uchun $12 125 minggacha utilizatsiya yoki ekologiya yigʻimlari joriy etilgan. Shu bilan birga, deyarli barcha davlatlarda elektromobillar importiga bojxona boji mavjud, Oʻzbekistonda esa u “nol» foizni tashkil etadi.

Masalan, Hindistonda elektromobillar uchun bojxona boji 125%, Yevropa Ittifoqida 55%, Turkiya va Indoneziyada 50%, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi davlatlarida 15% ni tashkil qiladi. Hatto Xitoyda ham bu koʻrsatkich 15% ga teng. Bugungi kunda esa elektromobillarning 90% ga yaqini aynan Xitoyda ishlab chiqarilmoqda”, – dedi u

Shuningdek, ekspert Oʻzbekistonda elektromobil ishlab chiqaruvchilari uchun imtiyozlar joriy etilishiga toʻxtalib oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu ishsizlikni kamaytirish va boshqa sohalarni rivojlantirishni kuchaytirish imkonini beradi. Shu bilan birga, avtomobil ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida raqobatni shakllantirish, investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi.

JST qoidalariga muvofiq, import bojxona bojlari stavkalarini oʻzgartirish mumkin. A’zo boʻlmasdan turib, mavjud tarif va notarif vositalardan voz kechish esa importning oshishi va YaIM oʻsish sur’atlarining pasayishiga olib kelishi mumkin.

«Oʻz navbatida, JST bitim, qoida va me’yorlarida “other duties and charges» (boshqa bojlar va yigʻimlar) tushunchasi mavjud boʻlib, utilizatsiya yigʻimi mazkur tushuncha doirasida qoʻllaniladi”, – deya ta’kidladi u.

Eslatib oʻtamiz, 2025-yil 1-maydan boshlab, quyidagi yangi utilizatsiya yigʻimlari belgilandi:

  • ishlab chiqarilgan muddatidan boshlab 3-yildan ortiq boʻlmagan elektromobillar uchun BHMning 120 baravari (45 mln soʻm);
  • ishlab chiqarilgan muddatidan boshlab 3-yildan ortiq boʻlgan elektromobillar uchun BHMning 210 baravari (78 mln 750 ming soʻm) etib belgilanadi.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston import qilgan elektromobillarning 99 foizdan ortigʻi Xitoydan olib kelingani haqida xabar bergan edi.