Toshkent supermarketlarida fevral oyida oziq-ovqat narxlari qanday o‘zgardi

eʼlon qilindi
Eng katta arzonlashish kartoshka mahsulotida kuzatildi
Foto: pessmaster / www.depositphotos.com

Toshkent shahridagi yirik supermarketlarda fevral oyida oziq-ovqat mahsulotlari minimal narxlari sezilarli o‘zgarishlarga uchradi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ma’lum qildi.

Institut mutaxassislari tomonidan olib borilgan tahlillarga ko‘ra, ayrim mahsulotlarning narxi pasaygan bo‘lsa, boshqalari qimmatlashgan. Eng katta arzonlashish kartoshka mahsulotida kuzatildi – uning narxi 26,1 foizga tushdi. Shuningdek, sabzi 11,3 foiz, lavlagi 8,2 foiz, tuxum 7,8 foiz, sut 0,9 foiz va shakar 0,4 foiz arzonlashgan. Kartoshkaning sezilarli darajada arzonlashishi mamlakatga Pokistondan olib kelingan import hajmining ortgani bilan bog‘liq bo‘lsa, sabzi va lavlagi narxining pasayishi mavsumiy yetishtirish hajmining oshgani bilan izohlanmoqda.

Biroq ba’zi mahsulotlarning narxi oshdi. Ayniqsa, oqbosh karam sezilarli darajada qimmatlashgan bo‘lib, bu mavsumiy ta’minotga bog‘liq ekani aytilmoqda. Bodring narxi ham oshgan bo‘lsa-da, u o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 foiz arzonroq.

Shu bilan birga, ayrim mahsulotlarning minimal narxi o‘zgarishsiz qoldi. Guruch, bug‘doy uni, grechka, makaron, olma, banan va tovuq go‘shti narxlari fevral oyida stabil bo‘lib qoldi. Mazkur monitoring natijalari 9-yanvar va 6-fevral kunlari olib borilgan kuzatuvlarga asoslangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan oziq-ovqat mahsulotlarining iste’mol normalari har 3 yilda qayta ko‘rib chiqilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek