![](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2024/08/cobalt-1024x766.jpg)
O‘zbekistonning ikkilamchi avtomobil bozorida 2025-yil yanvar oyida ham narxlar pasayishda davom etdi. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislarining tahliliga ko‘ra, mahalliy avtomobillar, jumladan, ommabop Cobalt va Onix modellarining narxlari kamaydi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, Onix modeli kam foydalanilgan holatda 2,4%ga arzonlashib, o‘rtacha $14 000ga tushdi. Ko‘p foydalanilgan variantining narxi esa 1,5%ga kamayib, $12 800ni tashkil etdi. Xuddi shunday pasayish Cobalt’da ham kuzatilib, kam foydalanilgan avtomobillarning o‘rtacha narxi 1,4%ga tushib, $12 725ga yetdi. O‘rtacha foydalanilgan versiyasi esa 2,4%ga arzonlashib, $12 000ga baholandi.
Bundan tashqari, boshqa ommabop modellarda ham pasayish kuzatildi. Lacetti kam foydalanilgan variantlari 0,7%ga arzonlashib, $14 900ga tushgan bo‘lsa, o‘rtacha foydalanilganlari 1,4%ga pasayib, $14 300 bo‘ldi. Nexia’ning o‘rtacha foydalanilgan variantlari 1,8%ga, Spark esa 1%ga arzonlashdi.
Lyuks segmentida narxlar barqaror emas
Lyuks segmentidagi avtomobillarda esa turlicha tendensiya kuzatilmoqda. Malibu va Equinox modellarining kam foydalanilgan variantlarida narx o‘sishi qayd etildi. Xususan, Malibu’ning kam foydalanilgan versiyasi 1,2%ga oshib, $30 000ga yetdi. Ammo o‘rtacha va ko‘p foydalanilgan Malibu modellarida narx mos ravishda 2,1%ga va 1,6%ga pasaydi.
Xuddi shunday tendensiya Equinox’da ham kuzatildi – kam foydalanilgan variant 0,9%ga qimmatlashib, $34 308ga yetgan bo‘lsa, o‘rtacha foydalanilgan variant 1,6%ga arzonlashib, $30 000 bo‘ldi.
Elektromobillar narxida ham pasayish kuzatildi
Elektromobillar bozorida ham yanvar oyida narxlarning tushishi kuzatildi. BYD E2 modeli yangi holatda 1,8%ga arzonlashib, $16 800 bo‘ldi. O‘rtacha foydalanilgan versiyasi 2,9%ga tushib, $15 500ga baholandi.
Xuddi shunday pasayish BYD Han, Song Plus DM-i Champion va Song Plus EV Champion modellarida ham kuzatildi. Masalan, BYD Han yangi holatda 0,9%ga arzonlashgan bo‘lsa, ko‘p foydalanilgan variantlari 2,9%ga pasaydi.
Mazkur tahlil MHTI mutaxassislari tomonidan olx.uz platformasidan to‘plangan 16,5 mingta e’lon asosida o‘tkazilgan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, avtomobil bozorida pasayish tendensiyasi yanvarda ham davom etgan bo‘lib, bu jarayon bozor talabining o‘zgarishi va boshqa iqtisodiy omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan General Motors kompaniyasi Misrdagi zavodda mahalliy bozor uchun yangi 2025-yilgi Chevy Optra sedanini ishlab chiqarish boshlanganini rasman e’lon qilgani haqida yozgan edi.