Xorazmda narx manipulyatsiyasi: «Gurlan Global Teks» noqonuniy savdolar bilan shug‘ullangani ma’lum bo‘ldi
Xorazm viloyati Raqobat qo‘mitasi tomonidan olib borilgan monitoring natijalariga ko‘ra, «Gurlan global teks» MCHJ 2023-yildan 2024-yil 1-avgustgacha bo‘lgan davrda birja savdolarida narxlarni manipulyatsiya qilgani aniqlangan.
Tadqiqot davomida ushbu kompaniya 54 holatda 3,7 ming tonnadan ortiq paxta tolasi, lint (paxta momig‘i), paxta yog‘i va sheluxa mahsulotlarini 55,9 mlrd so‘mga teng to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotgan. Narxlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, 7 ta holatda mahsulotlar birja narxidan yuqori baholarda sotilgan bo‘lib, bu 173 mln so‘mlik tafovutga sabab bo‘lgan.
Bundan tashqari, kompaniya yana 45 holatda 3,4 ming tonnadan ortiq paxta tolasi va lint mahsulotlarini birja kotirovka narxlaridan ancha past bahoda, jami 5,5 mlrd so‘mlik farq bilan sotgani aniqlangan.
Mazkur holatlar «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasi va hukumat qarorlariga zid ekani sababli «Gurlan global teks» MCHJga nisbatan maxsus komissiya tomonidan ish qo‘zg‘atilgan va tegishli ta’sir choralari ko‘rilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Farg‘ona viloyatidagi 13 ta MChJ ham jarimaga tortilgani haqida xabar bergan edi.