Kambag‘al oilalarga subsidiya ajratish tizimi takomillashtiriladi
![](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/02/depositphotos_504666632_xl-1024x683.jpg)
2025-yil 1-apreldan boshlab «Yoshlar daftari» va 1-sentabrdan «Ayollar daftari» jamg‘armalari orqali ajratiladigan bir martalik moddiy yordamlar o‘rniga kam ta’minlangan oilalar uchun maxsus nafaqalar to‘lanadi. Shu bilan birga, 1-maydan boshlab «Ijtimoiy daftarlar» jamg‘armalari hisobidan davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida esa 1-apreldan boshlab kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga artezian quduq qazish, suv nasoslarini o‘rnatish hamda ichimlik suv filtrlari xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi joriy qilinadi. Subsidiya xarajatlarning 90 foizini qoplaydi, lekin BHMning 30 baravaridan oshmaydi.
Bundan tashqari, 1-maydan ozodlikdan mahrum etilgan joylardan chiqqan shaxslarga BHMning 6 baravari miqdorida bir martalik nafaqa «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali to‘lanadi. Shuningdek, har bir tuman va shaharlarda «Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik» jamg‘armalari tashkil etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ijtimoiy karta qay tartibda ishlashi va kimlar uchun berilishi haqida xabar bergan edi.