2025/2026-yillarda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan kengroq qamrab olishga qaratilgan yangi qaror qabul qilindi. Ushbu dastur doirasida 3 – 7 yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’limga jalb etishning maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi va qamrov darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Yangi rejaga ko‘ra, aholining to‘lov qobiliyatiga qarab turli hududlarda turli xil maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etiladi. Yashash darajasi yuqori bo‘lgan mahallalarda davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalar ochiladi. Olib borilgan tahlillarga asoslanib, olis va chekka hududlarda oilaviy nodavlat bog‘chalar tashkil etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, kambag‘al oilalar nisbatan ko‘proq yashaydigan va demografik o‘sish yuqori bo‘lgan hududlarda xalqaro moliya institutlari kredit va grantlari asosida davlat hamda nodavlat bog‘chalar tashkil etiladi. Shuningdek, ijtimoiy soha muassasalarining bo‘sh binolarida qisqa muddatli guruhlar ochilishi ham rejalashtirilgan.
2025-yil yakunigacha kambag‘al oilalar farzandlarini maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishni to‘liq ta’minlash maqsad qilingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan davlat bog‘chalarida autsorsing usuli joriy etilishi haqida xabar bergan edi.