O‘zbekiston terma jamoasi qishki Osiyo o‘yinlarida ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi
Xitoyning Xarbin shahrida bo‘lib o‘tayotgan qishki Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi ilk medalini qo‘lga kiritdi. Ushbu yutuq nafaqat ilk mukofot, balki eng yuqori – oltin medal bo‘ldi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi ma’lum qildi.
Figurali uchish bahslarida ishtirok etgan Dmitriy Chigirev va Yekaterina Geynish barcha raqibini ortda qoldirib, mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. O‘zbekiston sportchilari qisqa dasturlarda 64,55 ochko, erkin mashqlarda esa 111,88 ochko jamg‘arib, umumiy hisobda 176,43 ochko bilan musobaqaning eng yuqori pog‘onasidan joy olishdi.
Ushbu yo‘nalishda kumush medal Yaponiya terma jamoasi sportchilariga, bronza medali esa KXDR vakillariga nasib etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kecha terma jamoamiz vakillari figurali uchish bo‘yicha saralashda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.