![](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/02/image-388.png)
Samsung o‘tgan oy Galaxy S25 seriyasini global bozorda taqdim etgan edi. Shu bilan birga, kompaniya yangi model – Galaxy S25 Edge haqida ham shama qilgan, biroq uning tafsilotlari rasman ochiqlanmagan edi. Endilikda bu smartfon turli sinov platformalarida paydo bo‘lib, o‘z imkoniyatlarini namoyish qila boshladi. Bu haqda Gizmochina nashri ma’lum qildi.
Yangi model SM-S937 raqamiga ega bo‘lib, AQSh versiyasi SM-S937U, Xitoy versiyasi esa SM-S9370 indekslari bilan ajratilgan. Yevropa bozorida esa bu model SM-S937B raqami ostida namoyon bo‘ldi va Geekbench sinovlarida test natijalarini ko‘rsatdi.
Galaxy S25 Edge Snapdragon 8 Elite for Galaxy chipida ishlaydi. Shuningdek, smartfon 12 GB tezkor xotiraga ega va Android 15 operatsion tizimida ishlaydi. Geekbench natijalariga ko‘ra, u bir yadroli testda 2806 ball, ko‘p yadroli testda esa 8416 ball to‘plagan.
Bu model o‘zining ultra yupqa dizayni bilan ajralib turishi kutilmoqda. Qurilmaning qalinligi atigi 5,84 mm bo‘lishi, ekrani esa 6,7 dyuymli S-AMOLED LTPO paneli bilan jihozlanishi taxmin qilinmoqda. Displey 120 Gts yangilanish tezligi va 2600 nit yorqinlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, smartfon 3900 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan ta’minlanadi hamda 25 Vt simli va simsiz zaryadlash imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Galaxy S25 Edge’ni o‘zbekistonliklar birinchilar qatorida xarid qilishi haqida xabar bergan edi.