Yangiliklar

Boshqirdiston transport vazirligining sobiq rahbari O‘zbekistonga safar uyushtirgani sababli ozodlikdan mahrum bo‘ldi

Sudga ko‘ra, Aleksandr Bulushev pudratchi tanlash bo‘yicha kim oshdi savdosini o‘tkazmagan
Фото: vk.com/aleksandr_bulushev

Boshqirdistonning sobiq transport va yo‘l xo‘jaligi vaziri Aleksandr Bulushev hukumat delegatsiyasining O‘zbekistonga parvozini tashkil etishdagi qoidabuzarlik uchun uch yilga ozodlikdan mahrum etildi, deb yozadi «Kommersant».

Shuningdek, Boshqirdiston Transport vazirligi rahbarining o‘rinbosari Ruslan Garipov ham sud hukmiga ko‘ra aybdor, deb topildi. U ikki yil shartli jazo oldi.

Delegatsiyaning O‘zbekistonga parvozini tashkil etishdagi qoidabuzarliklardan tashqari, Bulushev va Garipovga Volgogradga tashrifni noqonuniy amalga oshirganlik aybi qo‘yilgan.

Tergov ma’lumotlariga koʻra, 2022-yil bahorida Bulushev viloyat rahbaridan ikkita – Oʻzbekiston va Volgogradga safar uyushtirish toʻgʻrisida buyruq olgan. Raqobat protseduralariga vaqtni tejash uchun amaldor Garipovga xususiy aviatsiya kompaniyasini topishni topshirdi. Shunday qilib, sudlanuvchilar boshqa «bozor ishtirokchilarining manfaatlarini buzgan» va Boshqirdiston budjetiga 34,5 mln rubl zarar etkazishgan ($366,8 ming).

Bulushev va Garipov Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq bo‘lgan 286-moddasi bo‘yicha sudlangan.

Rasmiylar aybni tan olishmadi. Ularning himoyasi argumentlardan biri sifatida O‘zbekistonda tuzilgan sarmoyaviy shartnomalar haqidagi ma’lumotlarni keltirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakat va Boshqirdiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 30 foizdan ortiq oshgani haqida xabar bergan edi.