Iste’molchilardan ortiqcha olingan 200 mln so‘m qayta hisoblanadi
![](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/02/depositphotos_77799770_xl-1024x683.jpg)
Raqobat qo‘mitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida «Elkimyo-suvta’minot» MCHJ tomonidan iste’molchilardan ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari uchun noqonuniy ravishda 200 million so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgani aniqlangan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, tabiiy monopoliya subyektlari o‘z xizmatlariga belgilangan tariflarning o‘zgarishi haqida kamida 15 kun oldin ommaviy axborot vositalari va rasmiy veb-saytlari orqali aholiga ma’lum qilishi lozim. Biroq, mazkur korxona bu talabga rioya qilmagan.
Aniqlangan qonunbuzarliklar asosida Raqobat qo‘mitasi hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan «Elkimyo-suvta’minot» MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, unga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Shuningdek, iste’molchilardan ortiqcha undirilgan 200 mln so‘m qayta hisob-kitob qilinishi bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iste’molchilarga asossiz hisoblangan 18 mlrd so‘mni qayta hisoblash bo‘yicha choralar qo‘llanilgani haqida xabar bergan edi.