Yangiliklar

Nogironligi bo‘lgan sportchilar uchun yangi seleksiya tizimi joriy etiladi

Nogironligi bo‘lgan yosh sportchilarni terma jamoaga qabul qilish tartibi o‘zgartiriladi
Foto: hisu16tama.gmail.com / www.depositphotos.com

Oʻzbekiston prezidenti, Milliy Olimpiya Qoʻmitasi raisi Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektorda parasportchilar, ayniqsa nogironligi bo‘lgan qizlarning boshqa sportchilar bilan birga shug‘ullanishiga sharoit yaratish zarurligi ta’kidlandi. Sportchi va parasportchilarni tayyorlaydigan murabbiylarga malaka sertifikati berish va ularni qayta tayyorlash tizimi soddalashtiriladi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan yosh sportchilarni terma jamoaga qabul qilish tartibi o‘zgartiriladi. Endilikda ular faqat musobaqa natijalariga emas, balki sport normativlarini bajarishiga qarab ham terma jamoaga qabul qilinadi.

Bundan tashqari, sport musobaqalari va yig‘inlarini tashkil qilishda olimpiya va paralimpiya tizimiga o‘tiladi. Endi har qanday chempionat yonida parasport musobaqasi ham o‘tkaziladi, sport yig‘inlari esa birgalikda tashkil etiladi.

Eng muhim jihatlardan biri – parasportchilarni tayyorlashda ularning nogironlik toifasini barvaqt aniqlash tizimini yo‘lga qo‘yish. Shu maqsadda mutasaddilarga ikki oy muddatda «Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi klassifikatsiya kodeksi» talablari asosida Milliy klassifikatsiya qoidalarini tasdiqlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligiga parasportchilarni klassifikatsiyadan o‘tkazish va ularga tibbiy xizmat ko‘rsatishga ko‘maklashadigan maxsus tibbiyot mutaxassislarini biriktirish vazifasi yuklatildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan sportga ajratilayotgan mablagʻ ikki baravarga oshgani haqida xabar bergan edi.