![](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/02/image-437.png)
Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida mamlakatda Olimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘limlarini tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytib o’tdi.
Yangi tizimga ko‘ra, Milliy Olimpiya qo‘mitasiga prezident rahbarlik qilganidek, viloyatlardagi bo‘limlarni mahalliy hokimlar boshqaradi. Ular har bir sport federatsiyasi bilan ishlash orqali olimpiya sikli uchun maxsus strategiya ishlab chiqadi va uni Milliy Olimpiya qo‘mitasi huzurida himoya qiladi.
Shuningdek, barcha sport federatsiyalari rahbarlari va viloyat hokimlari har oyda amalga oshirilayotgan ishlar va natijalar bo‘yicha Olimpiya qo‘mitasida hisobot berish tizimi joriy etiladi.
Sportchilarning tayyorgarligi uchun infratuzilma va zarur sharoitlarni yaxshilash maqsadida 300 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi. Bundan tashqari, kamida 10 nafar sportchi va murabbiy joriy yilda eng nufuzli xorijiy sport akademiyalarida o‘qitilishi ta’kidlandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan qishki Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi ilk oltin medalni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.