![](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/02/image-449.png)
iFixit mutaxassislari Samsung Galaxy S25 Ultra smartfonining ta’mirlash imkoniyatlarini o‘rganib chiqib, unga 10 balldan 5 ball berdi. Bu Samsung flagmanlari orasida so‘nggi o‘n yildagi eng yaxshi natijalardan biri bo‘lsa-da, hali ham mukammaldan uzoq. Taqqoslash uchun, yangi iPhone’lar ta’mirlash qulayligi bo‘yicha 7 ball oldi.
Tadqiqotchilar batareyani olib tashlashni osonlashtiradigan maxsus yorliqlarni muhim yutuq sifatida baholashdi. Shu bilan birga, S25 Ultra displeyini almashtirish juda murakkab ekani qayd etildi. Yaxshi tomoni shundaki, displey ostida qo‘shimcha komponentlar joylashmagan, shuning uchun faqat shikastlangan taqdirda almashtirish talab etiladi.
Kameralar bo‘limida ko‘plab modullar vintlar yordamida o‘rnatilgan bo‘lib, ularni osonlikcha almashtirish mumkin. Biroq, old kamera epoksi qatroni bilan yopishtirilgani sababli ta’mirlash jarayoni murakkabroq.
S Pen stilusi ham qiziq o‘zgarishlarga ega bo‘ldi. Uning ichki tuzilishi oldingi avlod bilan deyarli bir xil, hatto Bluetooth chipi uchun joy ham mavjud. Ammo Samsung yangi stilusdan ushbu funksiyani olib tashlagan, chunki kompaniya statistik ma’lumotlarga ko‘ra, S24 Ultra foydalanuvchilarining atigi 1 foizi bu funksiyadan foydalangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S25 Ultra tezlik bo‘yicha iPhone 16 Pro Max’ni ortda qoldirgani haqida xabar bergan edi.