Sportga ajratilayotgan mablagʻ ikki baravarga oshdi – prezident

Soʻnggi toʻrt yilda budjetdan sportga ajratilayotgan mablagʻ 1,5 trillion soʻmdan 3 trillion soʻmga oshdi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti, Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektorda ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur davrda murabbiylarning oʻrtacha maoshi 2 baravar koʻpaydi, 101 ta yirik sport obyektlari yangidan qurildi, 67 tasi rekonstruksiya qilindi.
Prezident sport sohasini shunchaki oʻyin va musobaqalar emas, millat genofondi, mamlakatning qudrati va obroʻ-e’tiborini butun dunyoga tarannum etadigan eng ta’sirchan vosita, eng ustuvor vazifa deb bilishimiz shart ekanini ta’kidladi.
Shu bois Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik boʻyicha birinchi marta bunday katta yigʻilish oʻtkazilayotgani qayd etildi.
«Eng asosiysi, bu natijalar yoshlarimizni, ota-onalarni sportga boʻlgan munosabatini oʻzgartirdi. Koʻp yoshlarimizda “Men ham chempion boʻlaman», degan shijoat paydo boʻldi”, – dedi davlat rahbari.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston amputantlar terma jamoasi Osiyo chempioni boʻlgani haqida xabar bergan edi.