Yangiliklar

2024-yilda dunyoda jurnalistlar oʻlimi rekord darajaga yetdi

2023-yilga nisbatan qurbonlar soni qariyb bir yarim baravarga oshgan
Foto: microgen / depositphotos.com

Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi (CPJ) ma’lumotiga koʻra, 2024-yilda dunyo boʻyicha kamida 124 nafar jurnalist va ommaviy axborot vositalari xodimlari halok boʻlgan.

Bu kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori koʻrsatkich boʻlib, 2013-yilda qayd etilgan 113 ta holatdan oshib ketdi. 2023-yildagiga nisbatan qurbonlar soni qariyb bir yarim baravarga oshgan (oʻshanda 84 nafar jurnalist vafot etgan).

Asosiy yoʻqotishlar Falastin – Isroil mojarosida qayd etilib, 85 nafar jurnalist halok boʻlgan. Shuningdek, Sudan va Pokistonda 6 nafardan, Meksikada besh, Suriyada to‘rt, Livan, Iroq va Myanmarda uch nafardan jurnalist qurbon boʻlgan. Ukraina va Rossiyada esa bir nafardan jurnalist vafot etgan.

CPJ qurolli mojarolar va beqaror hududlarda jurnalistlar uchun xavf oshayotganini ta’kidlab, ularni himoya qilish choralarini kuchaytirishga chaqirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2024–2025-yillarda Oʻzbekistonga 10 mln obunachi auditoriyasiga ega 50 nafar xorijiy bloger va jurnalistlar taklif etilishi haqida xabar bergan edi.