«Aloqabank» «yoshlar banki»ga aylanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Koʻksaroy qarorgohida yoshlar bilan uchrashuvi chogʻida yoshlarga biznes boshlash va rivojlantirish uchun qoʻshimcha moliyaviy imkoniyatlar yaratishga oid yangi tashabbuslarni e’lon qildi.
Davlat rahbari imzolagan qarorga muvofiq, «Aloqabank» yoshlarning biznes loyihalarini qoʻllab-quvvatlovchi tayanch «yoshlar banki»ga aylantirilib, ushbu maqsadlar uchun $200 million ajratiladi.
Yangi tashabbus doirasida bank oʻzini oʻzi band qilgan yoshlar loyihalarini moliyalashtirish uchun 100 million soʻmgacha boʻlgan imtiyozli mikroqarzlar ajratadi. Ushbu kreditlar 7-yil muddatga beriladi. Shuningdek, yakka tartibda tadbirkor boʻlgan, kamida 20 nafar yoshni ishga olgan va kichik korxona yoki oʻquv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 5 milliard soʻmgacha boʻlgan imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Ajratiladigan kreditlarning kamida 30 foizi ayollar tadbirkorligi uchun yoʻnaltiriladi.
Hududlarda «Yoshlar biznes inkubatori» tashkil etilib, yoshlar gʻoyalari startaplarga aylantiriladi va 6 oy muddatdan 3-yilgacha qoʻllab-quvvatlanadi. Ushbu inkubatorlar yordamida yosh tadbirkorlarning loyihalari tayyor biznes darajasiga yetkaziladi.
Bundan tashqari, «Aloqa venchur» jamgʻarmasi orqali startap loyihalariga $50 mingdan 1 million dollargacha sarmoya kiritiladi. Ushbu mablagʻlar mahsulot va xizmatlarni ichki hamda xalqaro bozorga chiqarish, biznes hamkorlar topish hamda qoʻshimcha investitsiyalar jalb qilishga koʻmaklashish uchun yoʻnaltiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yil 1-apreldan boshlab «Yoshlar daftari» va 1-sentabrdan «Ayollar daftari» jamgʻarmalari orqali ajratiladigan bir martalik moddiy yordamlar oʻrniga kam ta’minlangan oilalar uchun maxsus nafaqalar toʻlanishi rejalashtirilayotganini yozgan edi.