Elektr energetikasi sohasidagi faoliyatlarni litsenziyalash tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan «Elektr energetikasi sohasidagi faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida»gi nizom tasdiqlandi. Ushbu nizom elektr energetikasi sohasidagi faoliyatlarni litsenziyalash, litsenziya toʻlovlarini hisoblash, toʻlash, shuningdek, litsenziatlar faoliyatini nazorat qilish tartiblarini belgilaydi.
Nizom «Elektr energetikasi toʻgʻrisida»gi qonuniga muvofiq litsenziyalanishi lozim boʻlgan faoliyat turlariga tatbiq etiladi. Har bir kichik tur uchun alohida litsenziya olinadi.
Biroq quyidagilarga nizom talablari tatbiq etilmaydi:
- yagona elektr energetikasi tizimiga ulanmagan holda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilarga;
- quvvati 5 MVt.dan kam boʻlgan elektr stansiyalarga;
- oʻz ehtiyojlari uchun elektr energiyasini saqlovchi uskunalardan foydalanuvchilarga.
Litsenziyalash jarayoni Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tomonidan «Litsenziya» AT orqali elektron shaklda amalga oshiriladi. Ariza beruvchilar «Litsenziya» AT, davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat qilishlari mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident elektr tannarxini pasaytirish bo‘yicha vazifa bergani haqida xabar bergan edi.