Oʻzbekistonning Litvadagi yangi elchisi tayinlandi

Timur Rahmonov Oʻzbekistonning Litvadagi yangi elchisi etib tayinlandi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
11-fevral kuni Rahmonov Litva prezidenti Gitanas Nausedaga ishonch yorliqlarini topshirdi. Rasmiy marosimdan soʻng oʻtkazilgan uchrashuvda Oʻzbekiston va Litva oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Litva prezidenti Nauseda ikki davlat oʻrtasidagi siyosiy muloqot va savdo-iqtisodiy aloqalarning izchil rivojlanayotganini qayd etdi. 2024-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston Litvaning yirik savdo hamkorlaridan biriga aylangani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, Litva Oʻzbekistonning YI doirasidagi tashabbuslarini hamda Jahon savdo tashkilotiga a’zo boʻlish jarayonini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Oʻzbekiston va Litva oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil 5-avgustda oʻrnatilgan.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonning Islandiyadagi birinchi elchisini tayinlangani haqida xabar bergan edi.