Fuqarolar murojaatsiz pensiyaga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi fuqarolarning davlat pensiya ta’minotiga oid qator o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi. Xususan, erkaklar 60 yoshga, ayollar 55 yoshga to‘lganda, yoshga doir pensiya tayinlash uchun alohida murojaat qilish talab etilmaydi. Bu jarayon avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga nafaqalarni tayinlash va to‘lash bo‘yicha vakolatlar Ijtimoiy himoya milliy agentligiga o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan «Davlat boji to‘g‘risida» va «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonunlarga ham tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi belgilandi.
Deputatlar tomonidan muhokama etilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan majburiy jamgʻarib boriladigan pensiya badallarini hisoblashning yangi tartibi tasdiqlangani haqida xabar bergan edi.