Savdo urushlari va inflyatsiya: O‘zbekistonda valyuta stavkalari qanday o‘zgaradi

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Kursiv Uzbekistan bu mavzuda ekspertlar bilan suhbatlashdi
Foto: vlerijse / www.depositphotos.com

2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda banklar kredit portfelining 43 foizi xorijiy valyutada shakllangan. Yil davomida bu ko‘rsatkich 2 foiz punktiga kamaygan bo‘lsa-da, dollarlashuv darajasi hanuz yuqori. Bu esa xorijiy valyutadagi kreditlarning biznesni moliyalashtirishda muhim rol o‘ynayotganini ko‘rsatadi. Kursiv Uzbekistan 2025-yilda valyuta kreditlari bo‘yicha stavkalar qanday o‘zgarishi va bunga qanday omillar ta’sir qilishi mumkinligini o‘rgandi.

Valyuta kreditlarining o‘rni

«O‘zbekiston bank tizimidagi dollarizatsiya hali ham sezilarli darajada saqlanib qolmoqda. Bu o‘sib borayotgan va transformatsiya jarayonini boshdan kechirayotgan iqtisodiyotlar uchun odatiy holat. Ushbu jarayon tarixan biznes va aholi iqtisodiy noaniqlik sharoitida barqarorroq valyutalarga afzallik berishi bilan bog‘liq», – dedi EY O‘zbekistondagi konsalting yo‘nalishi direktori Roman Lesnikov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda so‘mga bo‘lgan ishonch ortib bormoqda. Mamlakatda makroiqtisodiy vaziyat barqarorligini ta’minlash bo‘yicha davlat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar katta ahamiyatga ega. Masalan, buni inflyatsiya darajasini pasaytirish, milliy valyuta barqarorligini saqlab qolish va milliy valyutada jamg‘armalar uchun jozibador sharoitlar yaratish misolida ko‘rish mumkin.

«Kelgusi 1-2 yil ichida dollarizatsiya darajasi qanday o‘zgarishi ko‘plab omillarga bog‘liq. Agar makroiqtisodiy barqarorlik saqlansa va milliy valyutadan foydalanishni rag‘batlantirish siyosati davom ettirilsa, dollarizatsiya darajasining bosqichma-bosqich pasayishi kutilishi mumkin. Biroq asosiy eksport mahsulotlari narxining o‘zgarishi yoki global geosiyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar kabi tashqi omillar ham bozor ishtirokchilarining xatti-harakatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin», – deya izoh berdi ekspert.

Lesnikovning fikricha, dollarizatsiyani kamaytirishda asosiy omil milliy valyutaga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, buning uchun esa makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va puxta o‘ylangan moliyaviy siyosat yuritish zarur.

Global monetar siyosatning ta’siri

O‘zbekiston Markaziy bankining pul-kredit siyosati departamenti direktori Samig‘jon Inog‘omovning ta’kidlashicha, 2024-yilda dunyoning yetakchi markaziy banklari pul-kredit siyosatini yumshatishni boshladi. Bungacha inflyatsiyaning yuqori darajasi tufayli, ayniqsa, AQSh va Yevropada deyarli ikki xonali ko‘rsatkichlarga yetganida, siyosat sezilarli darajada qat’iylashtirilgan edi. Biroq 2024-yil boshidan boshlab inflyatsiya pasaya boshladi va bu pul-kredit siyosatini yumshoqroq bosqichga o‘tkazish imkonini berdi.

«Shunga qaramay taklif omillarining ta’siri va geosiyosiy noaniqlikning saqlanib qolishi tufayli inflyatsiya kutilganidan sekinroq pasaymoqda», – dedi Markaziy bank vakili.

Cbonds byulletenining 2025-yil yanvar sonidagi ma’lumotlariga ko‘ra, foiz stavkalarining umumiy pasayish tendensiyasiga qaramay ularning yana oshishi xavfi hamon saqlanib qolmoqda. Stavkalar oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan asosiy omillardan biri AQSh siyosati bilan bog‘liq.

«Agar Trampning savdo tariflari va energetika siyosati iqtisodiyotning haddan tashqari qizib ketishiga sabab bo‘lsa, markaziy banklar yumshatish jarayonini to‘xtatishi yoki hatto stavkalarni oshirishni boshlashi mumkin. Bu esa oltin egalik qilishning alternativ xarajatlarini oshiradi. Masalan, Yaponiya banki 2024-yilda so‘nggi 17 yil ichida birinchi marta stavkalarni oshirdi, garchi past stavkalar odatda oltin narxining o‘sishi bilan bog‘liq bo‘lsa ham», – deyiladi Cbonds byulletenida.

Bunday ssenariyning amalga oshishi global bozorda qarz olish qiymatini oshiradi va O‘zbekistondagi valyuta kreditlari stavkalariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Biroq Inog‘omovning so‘zlariga ko‘ra, global pul-kredit sharoitlarining yumshatilishi respublika iqtisodiyotiga tashqi mablag‘larni jalb qilish imkoniyatlarini yaxshilaydi. Bu esa, o‘z navbatida, xorijiy valyutadagi kreditlar boʻyicha foiz stavkalarining pasayishiga olib keladi.

Valyuta kreditlari va depozitlari bo‘yicha foiz stavkalari

O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil dekabr oyida chet el valyutasidagi o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari jismoniy shaxslar depozitlari bo‘yicha 5,2%, yuridik shaxslar depozitlari bo‘yicha esa 5,4% ni tashkil etdi. Biznes uchun bir yilgacha boʻlgan kreditlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi 10,3%, uzoq muddatli kreditlar boʻyicha esa 9,6%ni tashkil etdi.

Yuqoridagi grafiklar Oʻzbekistondagi foiz stavkalarining soʻnggi uch yildagi oʻzgarishlarini aks ettiradi. Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi mojaro boshlanganidan soʻng, 2022-yilda stavkalarning keskin oshishi kuzatildi. Barcha turdagi kreditlar boʻyicha oʻrtacha stavkalar 2023-yil oxiriga kelib 3 foiz bandiga oshib, 9,4%ga yetdi. 2024-yilda esa oʻsish sur’ati sekinlashdi: dekabr oxiriga kelib bu koʻrsatkich 9,9%ga yetdi (+0,5%).

Shu bilan birga, oʻsha davrda depozitlar boʻyicha daromadlilik ham ortdi, biroq kredit stavkalari kabi keskin emas. Jismoniy shaxslarning depozitlari boʻyicha stavkalar 3,9%dan 5,2%ga, yuridik shaxslarning depozitlari boʻyicha esa 2,5%dan 5,4%ga koʻtarildi.

Shuningdek