
Apple o‘zining yangi MacBook Air noutbuklarini M4 chip bilan jihozlab, mart oyining oxirigacha sotuvga chiqarishni rejalashtirmoqda. Bloomberg nashrining xabariga ko‘ra, taqdimot yaqin kunlarda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu haqda Macrumors nashri ma’lum qildi.
Yangi model 13 va 15 dyuymli ekran o‘lchamlarida taqdim etiladi. Uning asosiy yangiligi – Apple M4 chipi bo‘lib, u unumdorlik va energiya samaradorligi jihatidan oldingi avlodga nisbatan sezilarli yaxshilanishlarga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, MacBook Air takomillashtirilgan old kamera bilan jihozlanishi mumkin, u Center Stage texnologiyasini qo‘llab-quvvatlab, foydalanuvchini avtomatik ravishda ramkaning markazida ushlab turadi. Shuningdek, Thunderbolt 4 portlari ham yangilanishlar qatorida bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan taniqli insayder iPhone 17 Pro’ning dizayni haqida ma’lumot bergani haqida xabar bergan edi.