Epilepsiyani aniqlashda sun’iy intellektdan foydalanish boshlandi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 50 milliondan ortiq insonlar epilepsiyadan aziyat chekmoqda. Yiliga bu kasallikka chalinayotgan bemorlar soni 5 million nafarga oshayotgani tashvishli holat, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Rossiyaning Boltiq federal universiteti hamda N.I. Pirogov nomidagi milliy tibbiy jarrohlik markazi olimlari elektroensefalografiya tahlilining yangi usulini ishlab chiqdi. Bunda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalaniladi.
Olimlar mazkur usulni 108 nafar insonda sinovdan o‘tkazdi. Ulardan yarmi epilepsiyaga chalingan, qolganlari esa sog‘lom edi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, yangi usul fotosensitiv bo‘lmagan epilepsiyani 71 foiz aniqlikda tashxislash imkonini berdi.
Epilepsiya – bosh miyaning surunkali kasalligi bo‘lib, aksariyat hollarda 20 yoshgacha bo‘lgan davrda rivojlanadi. Ammo u har doim ham yaqqol alomatlar bilan namoyon bo‘lmagani sababli kasallikni erta aniqlash qiyinlashadi va turli asoratlar kelib chiqishi mumkin.
Hozirda epilepsiyani tashxislashda fotostimulyatsiya usuli qo‘llanadi. Bu jarayonda bemorning ko‘ziga yorqin nur chaqnashlari yo‘naltiriladi, biroq bu faqat fotosensitiv epilepsiyani aniqlashda samarali hisoblanadi. Yorug‘lik ta’siriga bog‘liq bo‘lmagan turini tashxislash esa ancha murakkab kechadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bolalarning metapnevmovirus bilan ommaviy kasallangani haqidagi xabarlar rad etilgani haqida xabar bergan edi.