
«Toshkent» respublika fond birjasidan (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalar 7-fevraldan 14-fevralgacha turli dinamikani qayd etdi. Ushbu davrda UCI fond indeksi 3,65 foizga oshdi.
Aksiyalari eng katta oʻsishga erishgan kompaniyalar qatoridan «Ipoteka-bank» (+8,74 %), «Oʻzbektelekom» (+9,67 %), «Dori-Darmon» (+9,5 %) va «Oʻzsanoatqurilishbank» (+7,59 %) joy oldi.
Oʻz navbatida, aksiyalari haftani salbiy natija bilan yakunlagan kompaniyalar orasida «Aloqabank» (-7,56 %), «Turonbank» (-5,70 %) va «Universalbank» (-4,67 %) va «Oʻzmetkombinat» yetakchilik qildi.

Bitimlar soni boʻyicha «OʻzRTXB» (384 ta), «Aloqabank» (339 ta) va uning imtiyozli aksiyalari (312 ta) yetakchi boʻldi. Hajm boʻyicha esa «OʻzRTXB» (292,8 mln soʻm), «UzAuto Motors» (104 mln soʻm) va «Oʻzmetkombinat» (58,2 mln soʻm) bilan peshqadamlik qildi.
22 ta yuqori likvidli aksiyalardan 13 tasi haftani yashil rangda, ikkitasi sariq rangda va qolgan barcha aksiyalar qizil rangda yakunladi. Mazkur davrda «Toshkent» respublika fond birjasida 9,3 milliard soʻmlik 5,4 mingta bitim amalga oshirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati fevral oyini pasayish bilan boshlagani haqida xabar bergan edi.