Kuvayt kompaniyasi O‘zbekistonda gidroelektr stansiyalari quradi

Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif doirasida Al-Kuvayt shahrida «Action Group Holdings» kompaniyasining rahbari Shayx Muborak as-Sabohni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, prezident kompaniyaning O‘zbekistonda gidroelektr stansiyalari, ijtimoiy uy-joylar qurish hamda mineral resurslarni qayta ishlash bo‘yicha rejalarini ma’qulladi. Bu loyihalar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, «Action Group Holdings» kompaniyasi 1998-yilda tashkil etilgan bo‘lib, ko‘chmas mulk, neft sanoati, axborot texnologiyalari, logistika, qurilish, ta’lim, konsalting va savdo sohalarida faoliyat olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Kuvayt «aqlli» shaharlarni barpo etish sohasida hamkorlik qilishi haqida yozgan edik.