500 ta mahallada innovatsion tomorqa loyihalariga 100 baravar BHMgacha grantlar ajratiladi

Yangi farmonga ko‘ra, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan bir qator moliyaviy yordam choralari joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Xususan, har yili 500 ta mahallada eng namunali va innovatsion tomorqa loyihalariga 100 baravar BHMgacha grantlar ajratiladi. Shuningdek, usta dehqonlar tomonidan tashkil etilgan qisqa muddatli o‘quv kurslari uchun 15 baravar BHMgacha subsidiya beriladi.
Mahalladagi 50 foiz uy xo‘jaliklarida eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan dehqonlarga esa 100 mln so‘mgacha subsidiya ajratilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, tomorqa egalari va dehqon xo‘jaliklari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va qadoqlash loyihalari bo‘yicha tijorat banklari orqali 7 yil muddatga, 2 yil imtiyozli davr bilan kreditlar taqdim etiladi. Shuningdek, issiqxonalar, muzlatkichli omborxonalar va qayta ishlash uskunalari 5 yil muddatga, 24 oy imtiyozli davr bilan lizingga beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Online mahalla» platformasida tomorqa yerlarining ro‘yxati shakllantirilishi haqida yozgan edik.