Endi «Online mahalla» platformasida tomorqa yerlarining ro‘yxati shakllantiriladi

Prezident tomonidan «Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi nomi o‘zgartirilib, O‘zbekiston fermerlari kengashi deb ataladigan bo‘ldi.
Shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqalarni rivojlantirish bo‘yicha yangi vazifalar yuklandi. Xususan, tomorqa yerlarini to‘liq ro‘yxatga olish, ulardagi mahsulotlarni hisobga olish va «Online mahalla» platformasida batafsil ma’lumotlar bazasini shakllantirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, tuman va mahallalarning imkoniyatlaridan kelib chiqib, tomorqalarda yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirish orqali aholini barqaror ish bilan ta’minlash ham nazarda tutilgan.
Farmonga muvofiq, tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha kengash tuzildi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzurida dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qishloq xoʻjaligida yer islohotlarini amalga oshirish loyiha ofisi tashkil etilishi haqida yozgan edik.