Jazo o‘tagan fuqarolarga loyihalar uchun 11,5 mln so‘mgacha subsidiya beriladi

Jazoni o‘taganlarga tadbirkorlik, me’morchilik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlardagi loyihalar uchun mehnatga haq to‘lashning 10 baravari miqdorida (11,55 mln so‘m) subsidiya beriladi. Bu haqdagi qaror prezident tomonidan imzolangan.
O‘zini o‘zi band qilmoqchi bo‘lgan ishsiz fuqarolarni yoki kambag‘al oilalar a’zolarini kasanachi sifatida ishga olgan tadbirkorlarga ularning aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun har bir jalb qilingan kasanachi uchun BHMning 10 baravarigacha miqdordagi 3 yilgacha muddatga foizsiz ssudalar ham ajratiladi.
Yangi qabul qilingan prezident qaroriga ko‘ra, ayrim fuqarolarga «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturida belgilangan tartibda yangi imkoniyatlar beriladi.
Shuningdek, kambag‘al oila a’zolariga o‘z faoliyatini boshlashi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalarni xarid qilishga BHMning 50 baravarigacha miqdordagi 6 oydan 3 yilgacha muddatga foizsiz ssudalar beriladi.
Yangi qaror mahallalarning ixtisoslashuvi va drayver yo‘nalishlaridan kelib chiqib, o‘z tajribasini 10 tagacha kambag‘al oilalarga o‘rgatgan va ularga doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashgan tadbirkorlarga har bir kambag‘al oila uchun BHMning 3 baravari, biroq BHMning 30 baravarigacha miqdordagi grantlarni berilishini o‘z ichiga oladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kambag‘al oilalar tadbirkorlik uchun foizsiz ssudalar bilan qo‘llab-quvvatlanishi haqida yozgan edi.