
Xitoyning Nio kompaniyasi o‘zining yangi Firefly xetchbek elektromobili haqida yangi ma’lumotlarni e’lon qildi. Xitoyning Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi (MIIT) tomonidan tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, model 42,1 kVt/soat quvvatga ega akkumulyator bilan jihozlangan bo‘lib, 420 km CLTC yurish masofasiga ega. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.


Firefly elektromobili batareyani almashtirish tizimini qo‘llab-quvvatlaydi va Nio yetkazib beruvchisi Sunwoda tomonidan ishlab chiqarilgan lityum-temir-fosfat (LFP) batareyasidan foydalanadi. Avtomobil 105 kVt quvvatga ega orqa g‘ildirakli dvigatel bilan jihozlanadi va 50:50 nisbatdagi og‘irlik taqsimoti bilan yaxshi boshqaruv imkoniyatini taqdim etadi.

Firefly dizaynida LCD asboblar paneli, markaziy boshqaruv ekrani, ko‘p funksiyali rul va jismoniy tugmachalarsiz konsol kabi zamonaviy elementlar qo‘llangan. Model 92 litr hajmdagi old bagaj va orqa o‘rindiqlar buklanganda 1250 litrdan ortiq yuk joyini taklif qiladi.

Avtomobil C-NCAP va Euro NCAP besh yulduzli xavfsizlik standartlariga javob berish uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, standart sifatida 9 ta xavfsizlik yostig‘i bilan ta’minlangan. Firefly modeli BMW Mini, Smart, Mercedes va Geely brendlari bilan raqobatlashishi kutilmoqda.
Firefly elektromobili 2024-yil aprel oyida Xitoy bozorida sotuvga chiqarildi, uning boshlang‘ich narxi 148,8 ming yuan ($20,4 ming) etib belgilangan. 2025-yilning ikkinchi choragida esa model Yevropa, Lotin Amerikasi va Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlariga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 201 km masofaga ega elektr avtomobil atigi $6,6 mingdan sotuvga chiqqani haqida xabar bergan edi.