OTB operatsiyalarni 50 foizga kengaytirish rejasini ma’qulladi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) 2034-yilga borib yillik moliyaviy majburiyatlarni $36 milliardga oshirishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi moliya instituti matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, kelgusi oʻn yil ichida bu koʻrsatkich 50 foizga oʻsadi. 2024-yilda bank kreditlar, kafolatlar, investitsiyalar, grantlar va boshqa moliyalashtirish turlari koʻrinishida $24 milliard ajratdi.
Kapitaldan foydalanish rejasiga (CUP) muvofiq, bankning operatsiyalari keyingi uch yil ichida sezilarli darajada oʻsishi kutilmoqda. Bundan keyin OTB majburiyatlari asta-sekin oshirib boriladi. Bu Osiyo – Tinch okeani mintaqasidagi rivojlanayotgan mamlakatlarga koʻrsatiladigan yordamni kuchaytirish bilan bir vaqtda bankning yuqori kredit reytingini saqlab qolish imkonini beradi.
OTB kadrlar salohiyatini mustahkamlash va texnik yordam dasturlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, 2030-yilga borib, iqlimni moliyalashtirish vositalari va loyihalari OTBning barcha majburiyatlarining kamida 50 foizini tashkil etishi kerak.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistondagi qaysi loyihalar Islom taraqqiyot banki (ITB) tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi haqida yozgan edi.