Germaniya 1800 yevro maosh bilan payvandchi va chilangarlarni izlamoqda

Migratsiya agentligi va Germaniyaning Amazone ish beruvchi tashkiloti payvandchi, muhandis-mexanik va chilangarlarni ishga taklif etadi. Bu haqda agentlik rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Unga koʻra, oylik maosh 1800 yevro miqdorida boʻlib, uy ijarasi va ovqatlanish xarajatlari nomzodning oʻz hisobidan amalga oshiriladi. Ish jadvali haftasiga 5 kun, 40 soatni tashkil etadi. Hozirgi kunda 70 ta boʻsh ish oʻrni mavjud.
Nomzodlar 40 yoshgacha boʻlishi kerak. Bundan tashqari, nemis tilidan kamida A2 darajadagi Gyote, Telc yoki ÖSD xalqaro sertifikatiga ega boʻlishi zarur. Metall texnologiyasi, qishloq xoʻjaligi yoki texnika yoʻnalishida kasb ta’lim diplomi yoki avtomobilsozlik, mashinasozlik, agrar mashinasozlik boʻyicha bakalavr diplomi talab qilinadi. Shuningdek, soha boʻyicha kamida 1 yillik tajribaga ega boʻlish ham muhim ahamiyatga ega.
Ishga kirishgan nomzodlarga bir qator imtiyozlar taqdim etiladi. Jumladan, aviachipta, aeroportdan ish joyigacha transfer va arzonlashtirilgan yashash joyi topishda yordam koʻrsatiladi. Qishloq xoʻjaligi texnikasi, gidravlika va elektron komponentlarni yigʻishda nazariy-amaliy koʻnikmaga ega boʻlganlarga afzallik beriladi.
Shuningdek, nomzodlardan sudlanmaganlik va jismonan sogʻlom boʻlish talab etiladi. Ishga qabul qilinishdan oldin 6 oylik sinov muddati mavjud.
Roʻyxatdan oʻtish ushbu havoladagi manzil orqali amalga oshiriladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Germaniya oʻzbekistonlik qurilish va texnika sohasidagi mutaxassislarni ishga taklif qilgan edi.