O‘zbekiston xokkey U18 terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempionatida ishtirok etadi

Oʻzbekistonning 18 yoshgacha boʻlgan yoshlar terma jamoasi joriy yil 28-fevraldan 6-martgacha U18 jahon chempionatining IIIB divizionida oʻyin oʻtkazadi. Uchrashuvlar Tailandning Bangkok shahrida boʻlib oʻtadi. Bu haqda O‘zbekiston xokkey federatsiyasi xabar berdi.
Terma jamoamiz jahon chempionatining debyut turnirida Janubiy Afrika Respublikasi (JAR), Turkmaniston, Lyuksemburg, Bosniya va Gersegovina, Tailand jamoalariga qarshi oʻyin oʻtkazadi.
Yoshlarimiz turnir davomidagi ilk oʻyinni JARga qarshi 28-fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 14:30 da boshlashadi. 1-mart kuni (14:30) Lyuksemburg, 3-mart kuni (14:30) Turkmaniston, 4-mart (11:00) kuni Bosniya va Gersegovina bilan kuch sinashadi.
Xalqaro xokkey federatsiyasi turnirning soʻnggi oʻyini sifatida Tailand va Oʻzbekiston terma jamoalari uchrashuvini belgilagan.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekiston xokkey boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ilk bor 2025-yil Armanistonda boʻlib oʻtadigan jahon chempionatida ishtirok etishi haqida ma’lum qilgan edi.