«Paxtakor» Elit chempionlar ligasi doirasida qancha mablagʻ ishlab topdi

eʼlon qilindi
Klub umumiy hisobda joriy musobaqada hozirgi kunga qadar $1,1 mln mukofot oldi
Foto: FC «Paxtakor»

Toshkentning «Paxtakor» futbol klubi 17-fevral kuni Elit chempionlar ligasi 8-tur doirasida Dohaning «Al-Sadd» jamoasi ustidan 1:2 hisobida gʻalaba qozonib, musobaqaning pley-off bosqichiga yoʻl oldi. Futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev jamoa Elit chempionlar ligasi doirasida qancha pul ishlab topgani haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, guruh bosqichidagi har bir gʻalaba klubga $100 ming olib keladi, durang uchun esa bonuslar berilmaydi. Kecha «Paxtakor» oʻzining birinchi $100 ming mukofot pullarini qoʻlga kiritdi.

Bunga qoʻshimcha ravishda har bir klub guruh bosqichida ishtirok etgani uchun $800 ming oladi. Shuningdek, jamoa 1/8 finalga chiqqani uchun qoʻshimcha ravishda yana $200 ming ishlab topadi. Shunday qilib, «Paxtakor» umumiy hisobda joriy musobaqada hozirgi kunga qadar $1,1 mln mukofot oldi.

Shu bilan birga, kelgusi bosqichlarda alohida gʻalabalar uchun mukofot yoʻq, lekin chorak finalga chiqish klubga $400 ming, yarim finalga chiqish esa $600 ming qoʻshimcha daromad olib keladi. Finalda ishtirok etgan jamoa $4 mln.ga ega chiqadi, gʻolib esa $10 mln mukofot oladi.

Eslatib oʻtamiz, «Paxtakor» klubi raisi Jahongir Ortiqxoʻjayev jurnalistlar bilan boʻlgan suhbatda jamoaning 2024-yildagi xarajatlari 100 mlrd soʻm atrofida boʻlganini ma’lum qilgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan joriy bahorda «Paxtakor» stadionida rekonstruksiya boshlanishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek