Nega Toshkentda bozor patta pullari oshirildi

Toshkent shahridagi bozorlar va savdo komplekslarida bir martalik yig‘imlar – patta pullari oshirilgani haqidagi yangilik e’tiborni tortmoqda. Toshkent shahar hokimligi bu o‘zgarishlar rasmiy qaror asosida tasdiqlanganini ma’lum qildi.
Qonunchilikka muvofiq, bozor yig‘imlari har yili qayta ko‘rib chiqilib tasdiqlanadi. 2025-yil 14-fevraldagi tegishli qarorga ko‘ra, yangi tariflar quyidagicha belgilandi: sabzavot va non mahsulotlari bo‘yicha patta puli 10 foizga, kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlari va parrandalar savdosi bo‘yicha 17 – 20 foizga oshirilgan. Sitrus mevalar, konserva mahsulotlari, gullar, ehtiyot qismlar savdosida bu ko‘rsatkich 21 – 25 foizni tashkil etsa, asal mahsulotlari savdosida oshish 26 – 29 foizga yetgan.
Hokimiyat rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahridagi bozorlar va savdo markazlarining xarajatlari yildan-yilga ortib bormoqda. 2022-yilda ularning umumiy xarajatlari 256,3 mlrd so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2023-yilda bu raqam 296 mlrd so‘mga yetgan. 2024-yilda xarajatlar 314,1 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 383,5 mlrd so‘mga yetishi kutilmoqda.
Masalan, Eski Jo‘va dehqon bozorida yer solig‘i 64 foizga oshgan, kommunal to‘lovlar esa 17 foizga qimmatlashmoqda. Bozordagi rastalarni rekonstruksiya qilish uchun 5,9 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.
Rasmiylar patta pullari oshirilishining asosiy sabablari sifatida bozor infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yoritish va tozalash tizimlarini yaxshilash, pavilyon va rastalarni yangilash, yo‘laklarni asfaltlash kabi ishlarni amalga oshirishni ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, yig‘imlarning oshishi soliqlar, kommunal to‘lovlar va 1600 dan ortiq ishchilarning oylik maoshlarini o‘z vaqtida to‘lashga ham yo‘naltirilishi ma’lum qilindi.
Hokimiyat vakillarining ta’kidlashicha, patta yig‘imlari bozorlarning umumiy tushumida 15 foizdan ortiq ulushga ega emas va ular aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida belgilangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chorsudan kelgan jigar TikTok yulduziga aylandi, ammo u yo‘q qilingani haqida xabar bergan edi.