
Volkswagen o‘zining yangi avlod yirik krossoveri – Teramont Pro modelini Xitoy bozorida rasman namoyish qildi. Avvaliga Shimoliy Amerika va Xitoy uchun ishlab chiqilgan Atlas/Teramont modeli endilikda Xitoyga mos ravishda o‘zgartirilgan kontseptsiya bilan chiqmoqda. Bu haqda AvtoRevyu nashri ma’lum qildi.


Yangi Teramont Pro old avlodiga nisbatan 106 mm uzunroq bo‘lib, umumiy uzunligi 5158 mm ga yetgan. Kengligi (1991 mm) va balandligi (1788 mm) biroz oshirilgan. Modelda tortiladigan eshik tutqichlari, yorqin logotiplar, radiator panjarasi o‘rniga yopiq panel va orqa LED chiroqlarda pikselli grafikalar kabi zamonaviy elementlar qo‘llangan.


Salon yetti o‘rindiqli sxema asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, uchta ekranli boshqaruv paneli, sensorli yo‘lovchi ekrani va old oynada proyeksiya tizimi mavjud. Dastaklar va vites boshqaruvi esa o‘ziga xos joylashtirilgan. Maksimal konfiguratsiyada panoramali tom, uch zonali iqlim nazorati va 14 dinamikli Harman/Kardon audio tizimi kabi ilg‘or qulayliklar bor.


Volkswagen 2,5 litrli VR6 dvigatelidan voz kechib, yangi EA888 2.0 TSI turbo motorlarini taqdim etdi. Old g‘ildirakli versiyada 214 ot kuchi, to‘liq g‘ildirakli versiyada esa 272 ot kuchiga ega variant taqdim etiladi. 7 pog‘onali DSG robot uzatma ham saqlab qolingan.



SAIC Volkswagen zavodida ishlab chiqarilayotgan yangi Teramont Pro bahor oylarida sotuvga chiqadi. Xitoy bozorida modelning oldingi versiyasi $34-54 ming oralig‘ida sotilgan bo‘lib, yangi model narxi ham shunga yaqin bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoyning qaysi elektromobillari eng ishonchli hisoblanishi haqida xabar bergan edi.