AQSh Ijtimoiy to‘lovlar bazasidagi 150 yoshli odamlar tizimdagi xatolik bilan izohlandi

Nafaqa oluvchilarning ma’lumotlar bazasida 150 yoshdan oshgan millionlab amerikaliklar haqidagi yozuvlarning paydo bo‘lishi dasturiy kodning kamchiligi sababli yuz bergan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Wired manbalarga tayanib, xabar berdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ma’lumotlar bazasi 1950-yillarning oxirida ishlab chiqilgan eskirgan COBOL dasturlash tilidan foydalanadi. Ba’zi versiyalarida tizim yetishmayotgan sana (masalan, tug‘ilgan sana) o‘rniga avtomatik ravishda 1875-yil 20-mayni belgilashi mumkin.
Natijada tug‘ilgan sanasi noma’lum bo‘lgan millionlab amerikaliklar 150 yoshda deb ko‘rsatilgan. Biroq ularga nafaqa to‘lanmaydi, chunki 2015-yildan boshlab AQSh Ijtimoiy ta’minot boshqarmasi 115 yoshdan oshgan fuqarolarga avtomatik ravishda nafaqa ajratishni to‘xtatgan.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun oldin AQSh hukumati Samaradorlik departamenti rahbari Ilon Mask nafaqa to‘lovlari bazasida 150 yoshdan oshgan millionlab amerikaliklar haqida gapirgan edi. Milliarder bu voqeani tarixdagi eng katta firibgarlik deb atadi va hazil bilan AQShda millionlab vampirlar yashashini aytgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mask USAID’ni bioqurollar bo‘yicha tadqiqotlarni moliyalashtirganlikda gumon qilayotgani haqida yozgan edi.