Beshta tumanda kichik logistika markazlari barpo etiladi

Joriy yilda Asaka, Kitob, Baxmal, Xatirchi va Fargʻona tumanlarida qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashtirilgan kichik logistika markazlari barpo etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Qarorda belgilanishicha, ular 100 tonnadan kam boʻlmagan muzlatkichli sigʻimga ega boʻlib, hududlarga mineral oʻgʻitlar, urugʻlik, koʻchat va kimyoviy vositalarni tarqatish markazi hisoblanadi. Keyingi yili xuddi shunday obyektlardan yana beshtasi joriy etiladi.
Shuningdek, yer maydonlari egalari onlayn maslahatlar olish va moliyaviy xizmatlar boʻyicha yagona xizmat koʻrsatish va monitoring qilish platformasi ishga turilishi ma’lum qilingan.
Platformada yetishtirilayotgan mahsulotning 70 foizigacha miqdorida imtiyozli onlayn kredit ajratish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 500 ta mahallada innovatsion tomorqa loyihalariga 100 baravar BHMgacha grantlar ajratilishi haqida yozgan edik.